Muvaffaqiyat kaliti: IT va Karate – Mening ikki dunyom
Mening ismim Gulhida, yoshim 15da. Men nafaqat kompyuterlar va texnologiya olamiga oshno bo'lib, kelajakda IT sohasida o'z o'rnimni topishni orzu qilaman, ya`ni karate sport turi bilan ham professional tarzda shug'ullanaman. Bu ikki yo'nalish hayotimda muhim o'rin tutadi va har birida o'zimga xos muvaffaqiyatlarga erishib kelmoqdaman.
![]() |
Karate bilan shug'ullanishni boshlaganimdan buyon hayotimda ko'p narsa o'zgardi. Mashg'ulotlar orqali intizom, matonat va qat'iyat kabi muhim fazilatlarni o'zlashtirdim. Har bir mashg'ulot, har bir musobaqa meni yanada kuchliroq qildi. Ko'plab shahar, viloyat va Respublika miqyosidagi musobaqalarda ishtirok etib, faxrli o'rinlarni egalladim. G'alabalarga erishish, medallar bilan taqdirlanish – bu ajoyib tuyg'u. Ammo eng muhimi, mag'lubiyatlardan ham saboq olishni o'rgandim va har doim oldinga intilishdan to'xtamadim. Karate nafaqat jismoniy, balki ruhiy jihatdan ham chiniqtiradi, qiyinchiliklarga qarshi turishga o'rgatadi.
Ba'zilar IT va sportni mutlaqo boshqa-boshqa sohalar deb o'ylashlari mumkin, ammo men uchun ular bir-birini to'ldiradi. Karate menga IT sohasida kerak bo'ladigan diqqatni jamlash, stressga chidamlilik va muammolarni hal qilish ko'nikmalarini rivojlantirishga yordam beradi. IT esa, o'z navbatida, tanamni tinimsiz harakatda ushlab turadigan karatedan so'ng miyamni faol ushlab turishimga yordam beradi.
Hozirda "Sensorika IT" o'quv markazida "Kompyuter savodxonligi" kursida bilim olayapman. Darsdan bo'sh vaqtlarimda esa karate mashg'ulotlariga shoshilaman. Bu ikki faoliyatni birgalikda olib borish ba'zan qiyin bo'ladi, lekin men vaqtni to'g'ri taqsimlashni o'rgandim. Har bir sohamda eng yaxshi bo'lishga intilaman.
Mening maqsadim – nafaqat IT sohasida malakali mutaxassis bo'lish, balki karate bo'yicha ham yangi cho'qqilarni zabt etish. Ishonchim komilki, sportda erishgan yutuqlarim va intizomim ITda ham katta muvaffaqiyatlarga erishishimga yordam beradi. Hayotda muvaffaqiyatga erishish uchun bir narsaga e'tibor qaratish shart emas, balki qiziqishlaringizni birlashtirib, har birida o'zingizni to'liq namoyon etish ham mumkin. Mening misolim, umid qilamanki, boshqalarga ham ilhom bag'ishlaydi.


